Yosh diplomatlar bilan uchrashuv
Yoshlar kuni munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tizimda faoliyat yuritayotgan yosh diplomatlar hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yangi O'zbekiston" bog'ida Yoshlar kuniga bag'ishlangan tantanali tadbirdagi nutqi jonli efirda namoyish etildi.
Yosh avlod vakillarining huquq va manfaatlarini ta'minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yangilanishlarning ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Bu masala muntazam tarzda Davlatimiz rahbarining diqqat markazida bo'lib, aynan yoshlar “Uchinchi Renessans” va Yangi O'zbekistonning bunyodkorlari ekanligi nutqda ham alohida ta'kidlandi.
Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimida mehnat qilayotgan yosh kadrlar soni barqaror o'sib, ular mamlakatimiz manfaatlarini jahon maydonida samarali ilgari surish, xorijiy sheriklar bilan jadal hamkorlikni amalga oshirish, chet eldagi O’zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish bo'yicha Vazirlikka yuklatilgan vazifalarni sifatli amalga oshirishga o'z hissasini qo'shib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Vazirlikda yosh avlod vakillarining intellektual, ma'naviy va ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish bo’yicha ishlar izchil davom ettirilishini ma'lum qildi. Shu bilan birga TIV rahbari yosh mutaxassislarni doimiy ravishda o'z ustida ishlash, bilim, tajriba va malakalarini orttirishga intilish, innovatsion ish usullarini joriy etishga chorladi.
Uchrashuv doirasida TIV Markaziy apparati va uning tasarrufidagi tashkilotlar, O'zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida faoliyat yuritayotgan qator yosh diplomatlarni o'z xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli va vijdonan bajargani, jamoatchilik hayotida faol ishtirok etgani uchun taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.