Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari bilan uchrashuv to‘g‘risida
2024-yil 8-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida Afg‘onistondagi bugungi vaziyat, xalqaro hamjamiyat, shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi chora-tadbirlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar Afg‘onistondagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun ikki tomonlama muntazam aloqalarni davom ettirish zarurligiga kelishib oldilar.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy pozitsiyasini mustahkam rivojlantirish, mamlakatda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, shuningdek, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.