Yevropa Ittifoqining Oliy vakili bilan uchrashuv

 

2022-yil 17-noyabr kuni Samarqand shahrida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel bilan uchrashuv o'tkazdi.

O'zbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Aloqalarni ularni yanada jadallashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish muhimligi e’tirof etildi.

So'nggi yillarda O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilib, har tomonlama xususiyat kasb etayotgani ta'kidlandi. Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning mamlakatimizga rasmiy tashrifi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" sammitidagi ishtiroki konstruktiv va o'zaro manfaatli muloqotning yangi o'sish nuqtalarini belgilab olishga imkon berdi.

Tomonlarning siyosat, savdo va investitsiyalar, moliyaviy va texnik yordam, yuqori texnologiyalar, fan va ta'lim, ekologiya, turizm, sog'liqni saqlash va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni qabul qilishga tayyorligi tasdiqlandi.

J.Borrelning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqi respublikada olib borilayotgan islohotlar dasturini qo'llab-quvvatlaydi va Yangi O'zbekistonning rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirishda yordam berishga tayyor. Shu bilan birga, O'zbekistonning zamonaviy tashqi siyosatiga yuksak baho berildi. Mazkur siyosat natijasi o’laroq so'nggi yillarda Markaziy Osiyoda o'zaro anglashuv va ishonchga asoslangan yangi siyosiy muhiti yaratilgani e’tirof etildi. 

Tomonlar O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimning dastlabki bosqichda imzolanganini olqishladilar. Ushbu hujjatni imzolash uchun ichki protseduralarni tezda yakunlash zarurligi ta'kidlandi.

Rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, jumladan, O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi Hamkorlik kengashi va "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" Turizm anjumani yuzasidan fikr almashildi.

Yashil kun tartibini birgalikda ilgari surish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish orqali ekologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.

Afg'onistondagi hozirgi vaziyat ko'rib chiqildi. J.Borrel ushbu mamlakatda gumanitar inqirozni oldini olish uchun Afg'onistonning yakkalanishini oldini olish zarurligi to'g'risida O'zbekiston tomonining fikrini qo'llab-quvvatladi.

"Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar uchrashuvi hamda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik: “Barqaror rivojlanish uchun global darvozalar” mavzusidagi xalqaro konferensiya mintaqalararo mushtaraklikni yanada rivojlantirishga yordam berishiga ishonch bildirildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий