Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining ikkinchi uchrashuvi to‘g‘risida

 2022-yil 31-may kuni Olmaota shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv ishtirokchilari Afg‘onistondagi og‘ir insonparvarlik vaziyatdan xavotir bildirar ekan, mamlakatning xalqaro moliyaviy aktivlariga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash va Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish muhimligini ta’kidladilar.

BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili D.Layons, Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili T.Niklasson, Qozog‘iston Prezidentining xalqaro hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili K.Kazixon O‘zbekistonning Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun chegaradosh Termiz shahrida ko‘p funksiyali transport-logistika xabini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyatini alohida e’tirof etdi.

Tadbir davomida afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatning mintaqaviy integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etishi, uning iqtisodiyotini tiklash va Afg‘onistonda turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamda mintaqaviy sa’y-harakatlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev o‘z nutqida O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosatining asosiy jihatlariga, mamlakatning yangi hokimiyat ma’muriyatiga, shuningdek, ular bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish zarurligiga to‘xtaldi.

Ishtirokchilar e’tibori Afg‘onistonda turli terrorchi kuchlar tomonidan mintaqa mamlakatlari va boshqa davlatlar uchun ehtimoliy tahdid sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqning qayta vujudga kelishining oldini olishga qaratildi.

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakillar Afg‘onistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzishi, Afg‘onistondagi ayollar va etnik ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishi, shuningdek, mamlakat hududining xalqaro terrorchilar boshpanasiga aylanishining oldini olish bo‘yicha o‘z va’dalari va xalqaro majburiyatlarini bajarish zarurligini qayd etib o‘tishdi. 

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda afg‘on qizlarini to‘liq maktab ta’limiga tezroq qabul qilish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbir so‘ngida yig‘ilish ishtirokchilari Yakuniy bayonotni qabul qildilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий