"Yangi O'zbekiston: imkoniyatlardan foydalanish" kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi

 

2022-yil 9-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari ishtirokida "Yangi O'zbekiston: imkoniyatlardan foydalanish" kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. 

Nashr O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan "DNA" Agentligi bilan birgalikda tayyorlangan bo’lib, unga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi "O'zbekistonda raqamli iqtisodiy diplomatiya salohiyatini oshirish" qo'shma loyihasi doirasida ko’maklashgan.

Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov olti yil oldin O'zbekistonda boshlangan iqtisodiy islohotlar mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida izchil davom etayotganini ta'kidladi. Respublika o'suvchan va raqobatbardosh iqtisodiyoti, yangi infratuzilmasi va innovatsion salohiyati bilan tobora e’tibor qozonmoqda . Mamlakatning jahon sahnasidagi ta'siri va nufuzi ortib borayotir.

Kitobdan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va iqtisodiy o'zgarishlar, shu jumladan, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, sarmoya kiritish uchun imtiyozlar va preferensiyalar, investorlarning qonuniy huquqlari kafolatlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumotlar joy olgan.

Risola har yili nashr etilib, chet elda keng tarqatilishi rejalashtirilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning ta'kidlashicha, O'zbekiston keng ko'lamli islohotlarning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirib, rivojlanishning yangi, muhim bosqichiga qadam qo’ymoqda.

Butun dunyoda ro'y berayotgan inqiroziy holatlarga qaramay, BMT Inson salohiyatini rivojlantirish indeksidagi O'zbekiston Respublikasining mavqeini muttasil yaxshilanib borayotganiga alohida e'tibor qaratildi.

M. Dimovska "Yangi O'zbekiston: imkoniyatlardan foydalanish" kitobi keng xalqaro jamoatchilikka respublikaning zamonaviy taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, mamlakatning biznes yuritish nuqtai nazaridan o'ziga xos xususiyatlari va ustunliklarini chuqur anglashga imkon berishiga umid bildirdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий