Xorijdagi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari parlament nazoratida

 

2023-yil 14-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklarining “O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi fuqarolari murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotganligi to‘g‘risida”gi axborotlari eshitildi.

Ta’kidlanganidek, vazirliklar tomonidan xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi va uning tizimidagi 38 ta diplomatik vakolatxona va 18 ta konsullik muassasasi bu ishga keng jalb etilgan bo‘lib, 2023-yilning o‘tgan davrida birgina konsullik yordamini ko‘rsatish sohasida to‘rt yuz mingga yaqin harakatlar amalga oshirilgan.

Xususan, xorijga chiqish biometrik pasportlari va xorijda hujjatsiz qolib ketgan bir qator fuqarolarimiz uchun Vatanga qaytish guvohnomalarini rasmiylashtirish, rasmiy hujjatlarni legallashtirish va apostil qilish, notarial va FHDYO masalalari bo‘yicha harakatlarni amalga oshirish, fuqarolar uchun sayyor qabullar tashkil etish yo‘nalishida qator ishlar bajarilgan.

Shuningdek, vazirlik tomonidan xorijda bo‘lgan O‘zbekiston mehnat muhojirlarini ish bilan ta’minlash, yuzaga kelgan nizolarni bartaraf etish maqsadida xorijiy ish beruvchi tashkilotlar bilan tegishli muzokaralar olib borilgan. Zarur holatlarda mehnat muhojirlariga aviachiptalar, oziq-ovqat sotib olish, turar-joy va tibbiy xarajatlarni to‘lash maqsadida moddiy va huquqiy yordamlar ko‘rsatilgan.

Qayd etilganidek, xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yengillik yaratish, ularning vaqt hamda transport xarajatlarini qisqartirish maqsadida 32 turdagi konsullik xizmatlarining 16 tasi to‘liq raqamlashtirilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi tomonidan ham mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshrilmoqda. Xususan, og‘zaki murojaatlarni qabul qilish uchun operatorlar, “Call markaz” va “1282” qisqa raqami, shuningdek Rossiya hududida O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi “Call markazi” faoliyati tashkil etilgan. Agentlikning Koreyadagi 1 ta, Rossiyadagi 1 ta vakolatxonasi va 15 ta vakilligi, Turkiya va Qozog‘istondagi vakilliklari orqali ham o‘zbekistonlik mehnat migrantlari murojaatlari bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirib borilmoqda.

2023-yilning 11 oyi davomida Agentlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 90 460 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati ijobiy hal etilgan. Jumladan, xorijda ishlayotgan va xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga axborot-maslahat xizmatlari, huquqiy, moddiy yordamlar va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, bir qancha mehnat migrantlarining ish beruvchi tomonidan to‘lanmayotgan ish haqlari undirib berilgan, mehnat huquqlari buzilgan mehnat migrantlariga huquqiy yordamlar ko‘rsatilgan.

Qo‘mita eshituvida deputatlar amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etgan holda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq dolzarb vazifalarga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, mehnat muhojirlari bilan bog‘liq nizoli vaziyatlarning oldini olish, mehnat shartnomalaridagi majburiyatlarga to‘liq rioya etilishini ta’minlash, safarga ketish oldidan fuqarolarimizning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga xorijda bo‘lish va yashash tartibi haqidagi umumiy tushunchalarni yetkazishga qaratilgan axborot va tashviqot-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda mehnat muhojirlarini yuborish uchun mehnat shartnomalari tuziladigan xorijiy mamlakatlar jug‘rofiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar berildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufidagi monomarkazlar va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishning sifatini oshirish, buning uchun, birinchi navbatda, ushbu markazlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash kabi masalalar birlamchi e’tibor qaratish lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar sifatida qayd etildi.

Eshituvda ko‘rilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий