Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida

 

2022-yilning 4-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasidagi muzokaralar dasturi va kun tartibini atroflicha muhokama qildilar, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati hamda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari 2021-yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan keyin ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi faol va keng qamrovli muloqotning, yetakchilar o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlarning mantiqiy davomi ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Vazirlar tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam ravishda davom ettirish, 2023-yilgacha boʻlgan vazirliklararo hamkorlik dasturini sifatli mazmun bilan boyitish muhimligi toʻgʻrisida kelishib oldilar.

Shu kunlarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi huzuridagi Tashqi aloqalar va savdo instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi buning yorqin tasdig‘idir.

Shuningdek, avtomobilsozlik, farmasevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Vazirlar parlamentlararo muloqotni faollashtirish, taʼlim sohasidagi aloqalarni, jumladan, “Stipendium Hungaricum” dasturi asosida mustahkamlash boʻyicha takliflarni koʻrib chiqdilar.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, BMT, YXHT va TDT doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Vengriya tomoni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangilangan bitimni tez fursatlarda imzolanishida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Muloqot chog‘ida xalqaro va mintaqaviy siyosatning ayrim jihatlari, xususan, Afg‘onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий