“Tʻway Air” aviakompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv

 

2022-yil 25-oktabr kuni “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov “Tʻway Air” aviakompaniyasi katta vitse-prezidenti Kim Xyung Yi bilan uchrashdi.

Muloqotda ikki davlat fuqarolarining oʻzaro sayyohlik va xizmat safarlariga ortib borayotgan talabini qondirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida aviaqatnovlarni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Koreya tomoniga Oʻzbekistonda turizm sohasi milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida qaralishi aytib oʻtildi. Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda qisqa vaqt ichida xorijlik sayyohlar kelishi va sayyohlik infratuzilmasi obyektlari soni sezilarli darajada oshdi.

Shuningdek, qadimiy Samarqandning ulkan turistik salohiyati, jumladan, yangi qad rostlagan xalqaro aeroport hamda zamonaviy mehmonxonalar majmuasiga ega “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro sayyohlik markazi imkoniyatlariga ham eʼtibor qaratildi. “Samarqand” xalqaro aeroportida “ochiq osmon” tartibi joriy etilgan boʻlib, bu xalqaro huquq normalariga muvofiq xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va parvozlar yoʻnalishlarida cheklovlar olib tashlanganidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Ikki davlat oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin boʻlgan Toshkent va Samarqand shaharlariga “Tʻway Air” aviakompaniyasining parvozlarini yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий