Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2024-yil 12-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan Toshkent shahrida uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekiston ham, Turkiya ham o‘z xalqlari uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratishga qaratilgan juda muhim islohotlarni amalga oshirayotgani alohida ta’kidlandi. Vazirlar mamlakatlarimizning o‘zaro keng qamrovli strategik hamkorligi istisnosiz barcha sohalarda kuchli o‘sish tendensiyalarini namoyish etayotganiga alohida urg‘u berishdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada boyitish yo‘llarining amaliy jihatlari muhokama qilindi. Iqtisodiy hamkorlik, savdo aylanmasini oshirish, xalq diplomatiyasi, akademik almashinuvlar, xalqaro hamkorlik va boshqa ko‘plab mavzular uchrashuv kun tartibidan joy oldi. Tashqi siyosat idoralari ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam kelishuvlar paketini amalga oshirish yo‘lida lokomotiv bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.