Tsukuba universiteti prezidenti bilan uchrashuv toʻgʻrisida

 

2022-yil 24-dekabr kuni Tokio shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Sukuba universiteti prezidenti, Yaponiya Milliy universitetlari assotsiatsiyasi rahbari Kyosuke Nagata bilan uchrashdi.

Muloqotda Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun taʼlim, fan va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Yaponiya tomoni Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldi. Oʻzbekistonda taʼlim tizimini har tomonlama rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlashga katta kuch va mablagʻlar yoʻnaltirilayotgani alohida qayd etildi.

Yaponiya tomoni davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fan va taʼlimni har tomonlama modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

K.Nagata mamlakatimizda 2023-yilga «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili" deb nom berilgani Oʻzbekiston Prezidentining taʼlim sohasiga qaratayotgan alohida eʼtiborining yorqin ifodasi ekanini taʼkidladi.

Yaponiya Milliy universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Muhandislik, axborot texnologiyalari, biznes boshqaruvi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, fundamental va amaliy tadqiqotlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan qoʻshma taʼlim dasturlarini yaratish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Tsukuba universitetining stipendiya dasturlarida oʻzbekistonlik talabalar ishtirokini oshirish, shuningdek, akademik almashinuvlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий