Toshkentda suv diplomatiyasi bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi
Joriy yil 10-aprel kuni Toshkentda “Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti hamda Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma, Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ko‘magida tashkil etmoqda.
Ushbu noyob platforma 10 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod ishtirokchilarni birlashtiradi va ilk bor Orol dengizi havzasiga yondosh davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston strategik institutlari, suv xo‘jaligi idoralari ekspertlarini hamda Osiyo, Yevropa, MDH davlatlari mutaxassislarini bir yerga to‘playdi.
Anjumanda O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar vakillari, 15 ga yaqin xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari, jumladan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi, BMTning Afg'onistonga ko'mak ko'rsatish bo'yicha missiyasini, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Davlatlararo suv xo‘jaligi muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqalar ishtirok etadi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda suv sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning samarali modelini ilgari surishning eng muhim vositasiga aylanib borayotgan suv diplomatiyasi tadbir ishtirokchilari diqqat markazida bo’ladi. Shu munosabat bilan mazkur hamkorlik yo‘nalishini kengaytirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida qiziqarli munozaralar hamda samarali fikr almashishlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining suv diplomatiyasi konseptual asoslarini ishlab chiqishga muhim hissa qo‘shib, mintaqa davlatlarining xalqaro suv hamkorligi kun tartibini shakllantirishdagi faol ishtirokchi sifatidagi mavqeyini mustahkamlaydi.
Forum “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining 90 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladi. Unda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatdan kelgan 300 ga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etmoqda.