Toshkentda ShHT va MDHga a'zo davlatlar sanoat vazirlarining bo'lajak uchrashuvlari to'g'risida

 2022-yil 15-iyul kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a'zo davlatlar sanoat vazirlari yig'ilishi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga (MDH) a'zo davlatlarning Sanoat siyosati bo'yicha Kengashining VIII yig'ilishi bo'lib o'tadi.

Tadbirlarda Hindiston, Pokiston, Qirg'iziston, Tojikiston sanoat vazirlari, Belarus, Rossiya, Qozog'iston, Xitoy tarmoq vazirlarining o’rinbosarlari, ShHT Bosh kotibi Chjan Min, MDH Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari Ilhomjon Nematov, shuningdek, Rossiya va Qozog'iston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etadi.

Yig'ilish ishtirokchilari ushbu ShHT va MDH doirasida sanoatni rivojlantirish, kooperatsiya asosida sanoat ishlab chiqarish hajmining barqaror o'sishini ta'minlash, qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, moddiy va moliyaviy resurslarni jalb qilish, mehnat unumdorligini oshirish va sanoat mahsulotlarini diversifikatsiya qilish bo'yicha hamkorlikni yanada jadallashtirish va kengaytirish masalalarini muhokama qiladilar.

Uchrashuvlar chog’ida ShHT va MDH ga a’zo davlatlar sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar tasdiqlanishi kutilmoqda.

Xususan, Shanxay tashkilotiga a'zo davlatlar vazirlari ShHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari o'rtasida sanoat kooperatsiyasini rag'batlantirish dasturi loyihasini ma'qullaydilari. Mazkur hujjat Tashkilotning Samarqand sammiti kun tartibiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

MDHga a'zo davlatlar sanoat vazirlari yig'ilishida ham ushbu yo’nalishdagi hamkorlikka doir hujjat tasdiqlanishi kutilmoqda.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий