Toshkentda Oʻzbekiston-Koreya siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi boʻlib oʻtdi

 2022-yil 25-noyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 15-davrasi boʻlib oʻtdi.

Delegatsiyalarga Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Furqat Sidiqov va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Che Yong Sam boshchilik qildi.

Tomonlar ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi, shuningdek, Oʻzbekistonda koreys diasporasi istiqomat qilayotganligining 85 yilligi nishonlanayotgan yilda mazkur tadbir oʻtkazilayotganligi alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston-Koreya munosabatlari, birinchi navbatda, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sayyohlik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi faol almashinuvlar tufayli misli koʻrilmagan yuksak strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani qayd etildi.

Oʻzbekiston va Koreya rahbarlarining 2021-yil dekabr oyida Seul shahrida boʻlib oʻtgan sammiti ikki tomonlama munosabatlarga yangi surʼat bagʻishladi.

Vazir oʻrinbosarlari oliy darajada erishilgan kelishuv va shartnomalarni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar. Investitsiya va savdo, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, taʼlim, davlat xizmatini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, mehnat migratsiyasi, madaniyat va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirda respublikaning qator vazirlik va idoralari vakillari ham hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflar bilan ishtirok etdilar.

Tomonlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi oʻzaro hamkorlik, mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий