Toshkentda O‘zbekiston-Bangladesh siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
2024-yil 11-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev va Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Masud bin Momen boshchilik qildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Bangladesh munosabatlarining holati va rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Asosiy e’tibor iqtisodiy diplomatiyani faollashtirishga qaratildi. Tashqi savdo ko‘rsatkichlarini oshirish va uni diversifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, shuningdek, O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining turli tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, ta’lim, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Diplomatik akademiya hamda Bangladesh diplomatik xizmat akademiyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Memorandum imzolandi.