Toshkentda Haydar Aliyev sharafiga nomlangan ko‘cha ochildi

 

Ozarbayjon Prezidentining davlat tashrifi Haydar Aliyev sharafiga nomlangan ko‘cha va yodgorlik ochilishidan boshlandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.

Yig‘ilganlar oldida nutq so‘zlar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning umummilliy yetakchisi va birodar ozarbayjon xalqiga o‘z hurmat-ehtiromini bildirdi.

- Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi, o‘zbek xalqining yaqin do‘sti Haydar Aliyev sharafiga nomlangan ko‘chaning ochilish marosimidan boshlangani katta ramziy ma’noga ega. 

U kishi XX asrning atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi sifatida tarixga kirdi. Haydar Aliyevning qat’iyati, kuchli siyosiy irodasi va beqiyos yetakchilik sifatlari tufayli yosh suveren davlat barcha qiyinchlik va sinovlarni munosib yengib o‘tdi, - dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon umummilliy yetakchisi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari va qardosh xalqlarimizning tarixiy rishtalarini izchil mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Ozarbayjon Prezidenti, o‘z navbatida, ushbu tashrif uning pandemiyadan keyingi ilk xorijiy tashrifi ekanini qayd etib, davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqiga Haydar Aliyevning yorqin xotirasini asrab-avaylashga qaratilayotgan doimiy e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

- Aziz qardoshim Shavkat Miromonovichdan Toshkent markazida otam Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlab shunday ko‘rkam go‘shani barpo etish tashabbusi uchun juda minnatdorman.  Biz buni o‘zbek qardoshlarimizning buyuk yetakchimizga, umumiy tariximizga chinakam birodarona munosabati sifatida qabul qilamiz. Bu butun Ozarbayjon xalqiga xurmat ifodasi hamdir, - dedi Ozarbayjon yetakchisi.

Marosimda ziyolilar, nuroniylar, ozarbayjon yurtdoshlarimiz ham so‘zga chiqdi. Ular Haydar Aliyev nomidagi obod ko‘cha va hiyobon qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning yorqin ramzi ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekistonda ozarbayjon millatiga mansub 40 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz istiqomat qilmoqda. 2003 yilda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan. 2010 yilda Ozarbayjon elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining yangi binosi ochilgan.

Shundan so‘ng Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbari hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий