"Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi"
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning "Xalq so'zi" gazetasi bosh muharriri bilan intervyusi
“O‘zbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog‘iga qiyosdir. Bizning dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Bir maqsad yo‘lida birlashgan holda, quvonchu shodligimizda ham, qayg‘umizda ham doimo birgamiz.
Ajdodlar an’anasiga sodiq qolgan holda, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamog‘imiz darkor”
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shu yilning 2-3-iyun kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi kutilmoqda. Ushbu voqea o‘zbek va tojik xalqlari munosabatlarida alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ikki tomonlama muloqotlarning mutlaqo yangi bosqichini namoyon etishi shubhasiz.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, uning rivoji xususida yaqindan bilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov bilan suhbatlashdik.
– Vladimir Imamovich, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohada izchil rivojlanib bormoqda. Bilasiz, bundan sanoqli yillar avval o‘zaro aloqalarimiz haqida ijobiy fikr bildirish oson emasdi. Aytingchi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi “muzlar” qisqa vaqt ichida qanday eridi?
– O‘zbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, uzviy ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turadi. Ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan. Azaliy qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat an’analari davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Shunday vaqtlar bo‘ldiki, qon-qardosh, quda-anda xalqlar orasiga sun’iy “devor”lar qo‘yildi. O‘zaro bordi-keldi ushalmas orzuga aylandi. O‘zbekiston hamda Tojikiston munosabatlari esa turli geosiyosiy va ayrim sabablar bois o‘tgan yillar davomida taranglashib ketgan edi.
1993-yil 4-yanvarda imzolangan Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2000-yil 15-iyundagi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomada munosabatlarimizning asosiy tamoyillari, jumladan, mustaqillik va davlat suverenitetini o‘zaro hurmat qilish, teng huquqlilik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, davlat darajasida ham, xo‘jalik yurituvchi subyektlar darajasida ham o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklik aloqalarini o‘rnatishga intilish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan edi. Ammo haqiqat shu ediki, bu hujjatlar, asosan, qog‘ozda qolib, amaliy tomondan hamkorlikka huquqiy asos bo‘la olmadi...
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati natijasida so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.
O‘tgan qisqa davr ichida davlatlarimiz munosabatlarini mustahkamlash uchun juda kuchli turtki berildi. Ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilning mart oyida davlat tashrifi maqomida amalga oshirgan Tojikistonga safari bilan ikki tomonlama aloqalarda yangi sahifa ochildi.
Dushanbeda do‘stona muhitda olib borilgan muzokaralarning konstruktiv ruhi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda katta miqyosdagi ikki taraflama hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirish omili sifatida xizmat qildi.
O‘sha yilning avgust oyida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. E’tiborlisi, Tojikiston yetakchisi mamlakatimizga tashrifini uzoq tanaffusdan so‘ng, ya’ni 2001-yilda amalga oshirgan edi.
Toshkent va Dushanbe shaharlarida siyosat, savdo, energetika, transport, madaniyat, ilm-fan, ta’lim, xavfsizlik sohalarida imzolangan 60 dan ortiq davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitimlar, memorandumlar, dasturlar va “Yo‘l xaritalari”dan iborat hujjatlarning salmoqli to‘plami davlat tashriflarining yuksak natijalaridan dalolat beradi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaning qabul qilinishi ikki mamlakat hamkorligini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil iyun oyida Tojikistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarimizni sifat jihatidan yangi o‘sish sur’atini namoyon etdi.
Bugun har ikki mamlakat rahbarlari ko‘p tomonlama sherikchilikni izchillik bilan rivojlantirish va mustahkamlash uchun qat’iy xohish, shuningdek, yangi marralarni yelkama-elka turib zabt qilishga bo‘lgan intilishni ko‘rsatmoqda. O‘zaro do‘stona aloqalar aniq amaliy qadamlar bilan boyitilgan holda, o‘sib boruvchi trayektoriya bo‘ylab rivojlanmoqda.
2016-yil sentabrdan to shu kunga qadar O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari 9 marta uchrashdilar, qator telefon muloqotlari amalga oshirildi. Muloqot xarakteri ko‘p jihatdan Prezidentlar o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonchdan kelib chiqadi. Bu jihat davlatlar yetakchilari bir-birlariga “qadrli birodarim” deya murojaat qiladigan norasmiy munosabatda ham namoyon bo‘ladi.
Oliy darajada o‘rnatilgan ochiq, samimiy muloqotlar hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish uchun mustahkam poydevor qo‘ydi.
– So‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda siyosiy sohadagi hamkorlik muhim o‘ringa ega. Shular xususida so‘zlab bersangiz.
– Bizda barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq kelishuvlar mavjud “Yo‘l xaritalari” asosida munosabatlarimizni mustahkamlab kelyapmiz. Bugungi kunda O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligining shartnomaviy-huquqiy bazasi 200 dan ortiq ikki tomonlama hujjatdan iborat bo‘lib, ularning qariyb yarmi, aniqrog‘i 97 tasi so‘nggi to‘rt yil ichida imzolangan.
Qonun chiqaruvchi idoralar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish maqsadida 2017-yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Tojikiston Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo guruhi tuzildi.
Har ikki davlat uchun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, ichki ishlar sohasida terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosiga qarshi kurashish, tezkor axborot almashinuvi bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Mudofaa sohasida, jumladan, harbiy-texnikaviy yo‘nalishda o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasidagi ishlar ham davom ettirilyapti.
Mamlakatlarimiz bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavfsizlikka rahna solishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik mustahkamlanishidan manfaatdorligini bildirmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston yakdillik bilan umumiy farovonlik va taraqqiyotga erishish maqsadlarida mintaqa doirasida birgalikda harakat qilish niyatini namoyon etyapti.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston suv-energetika resurslaridan mintaqa mamlakatlari manfaatlari bilan hisoblashgan holda oqilona va tenglik asosida foydalanish zarurati haqida bir to‘xtamga keldi. Xorijiy ekspertlar qayd etganidek, ushbu yo‘nalishdagi o‘zbek-tojik munosabatlarining konstruktiv xarakteri Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy harakatlarni faollashtirishga ijobiy ta’sir etishi mumkin.
Hududlararo hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo bitim imzolangan bo‘lib, uning doirasida Toshkent va Dushanbe shaharlari, Surxondaryo va Xatlon, Samarqand va So‘g‘d viloyatlari hokimliklari o‘rtasida o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Xavfsizlikning zamonaviy tahdidlariga qarshi kurashish, yadroviy qurollarni tarqatmaslik tartibini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va xalqaro kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikistonning pozitsiyalari o‘xshashdir.
– Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston va Tojikiston erishgan eng katta va muhim muvaffaqiyatlardan biri bu chegara masalasining hal qilinishi bo‘ldi. Shu masalaga ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– 2018-yilning 1-martida ikki mamlakat fuqarolari hayotida chinakam unutilmas baxtli onlar boshlandi. Zero shu kundan O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq misoli o‘laroq, O‘zbekiston va Tojikiston Davlat chegarasi orqali 9 ta o‘tish punkti tantanali ravishda ochildi.
Keyingi yillarda davlat chegaralarida jami 17 ta o‘tkazish punkti ochilib, shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimlarda tutash tumanlar aholisi ishtirok etib minnatdorligini bildirdi.
Qardosh xalqlarimiz sabrsizlik bilan kutgan mazkur voqelik fuqarolarning bordi-keldisini osonlashtirishga imkon yaratdi. Bu esa, o‘z navbatida, ikki mamlakat do‘st xalqlarining qarindoshlik aloqalarini saqlashga va mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, 2016-yildan so‘ng chegaralar ochilib, “devor”lar quladi, sim to‘siqlar o‘rnini “do‘stlik darvozalari” egalladi.
Xalqlarimiz qiz olib, qiz bergan, qarindosh bo‘lgan. Urf-odatlari ham ikki tomchi suv kabi bir-biriga o‘xshashdir. Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashishi, birinchi navbatda, oddiy odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning tasdig‘i sifatida nazoratpunktlarining ochilishi, davlatlarimiz o‘rtasidagi temir yo‘l va aviaqatnovning tiklanishi xalqlarimiz tomonidan quvonch bilan kutib olindi. Chegarani kesib o‘tayotganlar o‘zgarishlarni darrov sezishdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil mart oyida Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga ko‘ra, ikki davlat yetakchilari umumiy chegarani minalardan tozalash bo‘yicha barcha ishlar 2019-yil oxirigacha yakunlanishiga kelishib olishgandi.
2020-yilning ilk kunlarida mamlakatlarimiz rasmiylari Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralarga o‘rnatilgan minalar butunlay tozalanganini e’lon qildi. Oddiy fuqarolar, ayniqsa, O‘zbekiston bilan chegaraga yaqin joylarda yashayotgan kishilar chegaralar minadan tozalangani haqidagi xabarni quvonch bilan kutib olishdi.
– Savdo-iqtisodiy va transport-logistika o‘zaro munosabatlarimizda muhim o‘rin tutadi. Ayni shu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?
– 2021-yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 600 million AQSh dollarini tashkil etdi. Qo‘shma korxonalar soni 10 barobar o‘sdi. Agar 2017-yilda O‘zbekistonda 24 ta korxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2021-yil oxiriga kelib Tojikiston kapitali ishtirokidagi 240 ta korxona ishlay boshladi.
Tojikistonda O‘zbekiston sarmoyasi kiritilgan 61 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan “TALKO-KRANTAS” maxsus kommunal va qurilish avtomobillarini yig‘ish hamda sozlash bo‘yicha qo‘shma ishlab chiqarish korxonasining ochilishi yana bir muhim voqea bo‘ldi.
Ayniqsa, Ustav fondi 50 million AQSh dollari bo‘lgan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiyaviy kompaniyasining tashkil etilishi munosabatlarimiz rivojida alohida o‘ringa ega.
Tojikistonda “Navoiyazot” (Xo‘jand), “O‘zbekiston” savdo uyi (Xo‘jand), “Ravon Motors Tojikiston” (Dushanbe) va “Artel” (Dushanbe) kompaniyalarining savdo uylari tashkil etildi.
Iqtisodiy hamkorlikning alohida vektori transport-logistika sohasidagi aloqalardir.
O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi va sertarmoq transport infratuzilmasi Tojikistonga tashqi bozorlarga chiqish yo‘llarini diversifikatsiyalash imkoniyatlarini ochadi. Umumiy transport-kommunikatsiya salohiyatini to‘liq ishga solish nafaqat o‘zaro savdoni o‘stirishga yordam beradi, balki mintaqalararo darajada gumanitar aloqalarni mustahkamlaydi ham.
2017-yilda G’alaba-Amuzang temir yo‘l aloqasi tiklandi, Samarqand-Panjikent uchastkasida A-377 xalqaro avtomobil yo‘li ochildi. Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi aviaqatnovlar tiklandi. Hozirda parvozlar “Uzbekistan Airways” AJ va “Somon eyr” aviakompaniyalari tomonidan haftasiga 2 marta amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda “Toshkent – Xo‘jand”, “Qo‘qon – Shaydon” xalqaro avtobus yo‘nalishlari muntazam yo‘lga qo‘yilgan. “Samarqand – Dushanbe” va “Samarqand – Panjikent” yo‘nalishlarida avtobuslar qatnovini tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda “O‘zbekiston — Tojikiston — Xitoy” yunalishidagi transport koridorining ahamiyati nechog‘liq muhimligini aytib o‘tmoqchiman. Mazkur loyiha “Termiz – Sariosiyo –Dushanbe – Vahdat – Ko‘lob – Qal’ayi Xumb – Xorug‘ – Kulma – Qoshg‘ar” yo‘nalishida harakatlanib, umumiy hisobda 1422 km masofani bosib o‘tadi.
Ikki davlat temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasidagi munosabatlar, jumladan, xalqaro temir yo‘l tuzilmalari, xususan, MDHga a’zo davlatlarning Temir yo‘l transporti bo‘yicha markaziy kengashi, Temir yo‘llar hamkorligi tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham samarali rivojlanmoqda.
– O‘zbek xalqining madaniy merosini tojiklar e’zozlashadi. Tojik madaniyati durdonalari esa o‘zbeklar tomonidan hamisha qadrlangan. O‘zbeklar va tojiklar xursandchilikda ham, g‘amda ham doimo birga bo‘lganlar. Shu ma’noda, madaniy-gumanitar sohadagi rishtalar qanday rivojlanib kelmoqda?
– Haqiqatan ham, O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini birodarlikning o‘ziga xos rishtalari bog‘lab turadi. Asrlar mobaynida yonma-yon yashab, ular tarixiy ma’naviy ildizlar, madaniyatlar, an’analar, odatlarning uyg‘unligi bilan bog‘langan. Ularni bir-biridan ayri holda tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
Buyuk ajdodlarimiz va mutafakkirlarimiz Navoiy va Jomiy, Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy, G’afur G’ulom va Mirzo Tursunzoda, Abdulla Oripov va Loyiq Sherali o‘zbeklaru tojiklarning samimiy va sof do‘stligini tarannum etganlar.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning ikki xalq turmush tarzi, o‘xshash jihatlarini ifoda etuvchi quyidagi satrlarini aytib o‘tishni joiz deb bildim:
Do‘stu qardoshdir azaldan
O‘zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O‘zbegim tojik bilan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga haykal o‘rnatilishi Tojikistonda ham, O‘zbekistonda ham katta xursandchilik bilan kutib olindi.
O‘zbekiston va Tojikistonda ikki xalqning madaniyati va san’atini o‘rganishga, o‘zaro boyitishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining tashrifi davomida imzolangan hujjatlar bunga yanada keng imkoniyat yaratadi. Xususan, Madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risidagi bitim xalqlarimizning ma’naviy aloqalarini mustahkamlash, yoshlarimizni umumiy manfaatlar atrofida jipslashtirishga yo‘naltirilgan qator loyihalarni ko‘zda tutadi.
Tojikiston vakillari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan maqom, baxshichilik san’ati anjumanlari, “Boysun bahori”, “Sharq taronalari” xalqaro festivallarida doimiy ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, 2018-yil Shahrisabzda o‘tgan maqom san’ati xalqaro forumida “Gran-pri”ni ilk bora Tojikiston «Shashmaqom» akademiyasi qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham ikki xalq madaniyati va san’ati kunlari bo‘lib o‘tdi. Chegara hududlarda ikki davlat san’at ustalari tomonidan muntazam konsertlar tashkil etish an’anaga aylangan. 2021-yil may oyida Tojikistonda O‘zbek kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zbek va tojik xalqlarining atoqli mutafakkirlari Navoiy va Jomiy do‘stligi va ijodi haqida so‘nggi 30 yil ichida ilk bor qo‘shma to‘liq metrajli badiiy, tarixiy film yaratilmoqda. Yevropa, Amerika va Hindistonning bir qator taniqli kinoijodkorlari ushbu filmda ishtirok etish istagini bildirgan.
O‘zbekistonda, barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda bir million olti yuz mingdan ziyod tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, o‘qituvchi va shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor.
Mamlakatimizda 15 ta tojik milliy madaniyat markazi millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. 255 ta maktabda ta’lim tojik tilida olib borilayotir. Bir qator oliy o‘quv yurtlarida shunday fakultetlar va bo‘linmalar faoliyat yuritmoqda.
Yurtimizda keyingi yillarning o‘zida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan jurnalistika sohasida o‘tkazib kelinayotgan “Oltin kalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nomnatsiyasida mana, ikki yildan buyon Tojikiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar g‘oliblar safidan joy olib kelmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar sport va ta’lim yo‘nalishlarini ham qamrab olgan. Xususan, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida 65 shartnoma va memorandumlar imzolandi. Natijada hozirda O‘zbekistondagi 30 ta oliy o‘quv yurti Tojikistondagi 15 dan ortiq universitetlar bilan muntazam hamkorlik qilib kelyapti.
Keyingi besh yil ichida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishda ulkan qadamlar tashlandi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil Tojikistonga amalga oshirgan tashrifi davomida Xatlon viloyati Ko‘bodiyon tumanida O‘zbekiston tomonidan tibbiyot majmuasi qurib foydalanishga topshirildi. Ushbu 250 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bo‘lib o‘tishi kutilayotgan O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining uchrashuvi o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi.
O'tkir Rahmat suhbatlashdi