TIVda IHOKBning mintaqaviy bo‘linmasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-yilning 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (IHOKB) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Matilda Bogner bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va IHOKB o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
IHOKB vakillariga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, inson huquqlari, gender tengligini ta’minlash, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixida birinchi marta O‘zbekiston vakilining 2025-2028-yillar uchun BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylangani amalga oshirilayotgan islohotlar keng e’tirof etilganidan dalolat ekani ta’kidlandi.
Tomonlar, shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni hamda BMT va uning institutlari bilan qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qildilar.