TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdan tashqari yig'ilishi to‘g‘risida

 

2022-yilning 17-oktabr kuni Istanbul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tashqi ishlar vazirlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston TIV rahbarlari, shuningdek, TDT bosh kotibi va oqsoqollar kengashi raisi ishtirok etdi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibi hamda Tashkilot doirasidagi o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan TDT sammitida imzolash uchun taqdim etiladigan hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari jahonda ro‘y berayotgan voqealarning jadalligi va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar TDTni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini ta’kidladi.

Tashkilot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport, sanoat va texnologik kooperatsiya, innovatsiyalar, AKT, ilm-fan, texnologiya va madaniy-gumanitar  boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi. 

Kuchayib borayotgan xatar va tahdidlarni yengish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri tomonidan TDTning Samarqand sammitiga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bo‘lajak tadbir ushbu tuzilmaning 2021-yilda Turkiy kengashdan Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirilgandan keyin bo‘lib o‘tadigan birinchi sammit hisoblanadi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha TDTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini 2022-yil 10-noyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий