TDT Bosh kotibi bilan uchrashuv

 

2023-yil 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston va TDT o‘rtasidagi turli yo‘nalishlarda munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy surʼat mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tashkilotning 2022 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan strategik qarorlarni amalga oshirilish jarayoni muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, TDT mintaqasining transport-tranzit salohiyatidan foydalanish, AKT, raqamli va yashil iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, turizm, taʼlim va madaniyat yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

K.Omuraliyev Tashkilot Kotibiyati O‘zbekistonning TDTga raisligidan ko‘zlangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini maʼlum qildi.

Muloqot chog‘ida mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий