Tashqi ishlar vazirligida YXHT DIIHB parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 

2024-yil 27-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Duglas Ueyk bilan uchrashdi.

Tomonlar joriy yil 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi parlamenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida DIIHB Kuzatuvchilar missiyasining ishtiroki bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni ko‘rib chiqdi.

YXHT DIIHB missiyasi rahbariga O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, bo‘lajak parlament saylovlarida Tashqi ishlar vazirligining o‘rni, xususan, xorijda respublika fuqarolari uchun ovoz berishni tashkil etish borasida ham batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish, jumladan, mamlakatda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarini hisobga olgan holda konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

D.Ueyk O‘zbekiston tomoniga parlament saylovini kuzatish bo‘yicha missiyaning samarali faoliyati uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий