Tashqi ishlar vazirligida YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2023-yil 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadini qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligining bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, ushbu muloqot keyingi yillarda sezilarli darajada kengayib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi
Bugun Oʻzbekiston Tashkilotning faol ishtirokchisi hisoblanib, bir qator yirik qoʻshma tadbirlarning tashabbuskori va hammuallifi boʻlib kelmoqda.
2022-yil iyul oyida mamlakatimiz tarixda ilk bor Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 2022-2026-yillarga a’zosi etib saylandi. O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishni nazarda tutuvchi 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida YUNESKO vakolatiga kiradigan sohalarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Xiva jarayoni” boshlandi.