Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyevning “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan brifingdagi nutqi

 

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari,

Xonimlar va janoblar,

Bugun Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi ochiq, konstruktiv va do‘stona atmosferada bo‘lib o‘tdi.

Avvalo mazkur muhim tadbirga qiziqish bildirganingiz va uni keng yoritishda ishtirok etganingiz uchun sizlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov raisligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda :

Ko‘rfaz arab davlatlaridan:

- Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 44-sessiyasi raisi shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy;

- Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi;

- Bahrayn, Kuvayt, Saudiya Arabistoniva O‘mon tashqi ishlar vazirlari;

- Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, energetika va sanoat vaziri;

- Qatar tashqi ishlar davlat vaziri;

Markaziy Osiyo davlatlaridan:

- Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari - tashqi ishlar vaziri;

- Qirg‘izistonva Tojikiston tashqi ishlar vazirlari;

- Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.

Bundan tashqari tadbirga Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri faxriy mehmon sifatida taklif etildi.

Barcha ishtirokchi davlatlarning bugungi vazirlar uchrashuvida yuqori darajada ishtirok etganliklari  “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti formatining nufuzi tobora ortib borayotanligidan dalolatdir.

Yig‘ilishda Markaziy Osiy va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasida siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda 2023-yil 19-iyul kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari rahbarlarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ijobiy baholandi.

Sammitda qabul qilingan “Strategik muloqot va hamkorlik bo‘yicha 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi”ni amalga oshirish holati tahlil qilindi va uni to‘laqonli hayotga tadbiq etish bo‘yicha qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.

Ushbu sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olg‘a surilgan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar, xususan “Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik bitimi”ni qabul qilish taklifi dolzarb va muhim ekanligi alohida qayd etildi.

Ishtirokchilar vazirlar yig‘ilishi natijalari 2025-yil Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” strategik muloqoti ikkinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori darajada tashkillashtirish uchun zamin yaratishini ta’kidladilar.

Shuningdek, vazirlar dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar, xususan Afg‘oniston, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Falastin-Isroil mojarosi va boshqa bir qator mavzular bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar.

Tomonlar umumiy qadriyatlar va o‘zaro manfaatlarga asoslangan barqaror va istiqbolli hamkorlikni mustahkamlashda sobitqadam va birdam ekanliklarini tasdiqladilar.

“Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini 2026-yil Kuvaytda o‘tkazishga kelishildi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

 

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!

Shuning bilan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” tashqi ishlar vazirlari ikkinchi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan brifing nihoyasiga yetdi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий