Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyevning 27-oktabr kunidagi brifing nutqi
Hurmatli brifing ishtirokchilari,
Xonimlar va janoblar,
Aziz vatandoshlar,
Saylov kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga binoan, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassassalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga o‘tkazilayotgan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha faol ishlar amalga oshirilmoqda.
1. O‘zbekistonning 40 ta xorijiy davlatlardagi elchixona va bosh konsulxonalari huzurida 57 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.
2. Chet eldagi fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, ularni saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shish uchun saylov.mfa.uz veb-sayti orqali maxsus elektron xizmat joriy qilindi.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” AA tomonidan xorijiy davlatlarda tashkil etilgan saylov uchastkalari manzillari ko‘rsatilgan interaktiv xarita ishlab chiqilib, Agentlik veb-saytida e’lon qilindi. Shu kunga qadar, mazkur interaktiv xaritadan xorijda bo‘lib turgan 130 mingdan ortiq vatandoshlarimiz foydalanishdi.
3. Xorijdagi saylov uchastkalarida joriy yilning 16 – 23 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sayloviga muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazildi.
Ushbu jarayonda O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan, jumladan, diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan 145 ta shaharlarda uchastka saylov komissiyalari tomonidan qo‘shimcha ravishda jami 509 ta ko‘chma ovoz berish nuqtalari tashkil etildi.
Xorijda tashkil etilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida 132 667 ming nafar fuqarolarimiz o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalanishdi.
4. Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassassalar tomonidan ushbu muhim siyosiy tadbir to‘g‘risida chet eldagi fuqarolarimizning hamda mahalliy aholining xabardorligini oshirish maqsadida vatandoshlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari, chet el rasmiylari va ekspertlari ishtirokida 600 dan ortiq targ‘ibot ishlari, brifing, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil qilindi va ularda 100 mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashdi.
5. Shuningdek, elchixonalar va konsullik muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan media-reja asosida 2024-yilning 26-iyulidan 25-oktabrigacha bo‘lgan davrda 37 ta xorijiy mamlakatning 217 ta yetakchi OAVda saylovga oid 357 ta material nashr etildi. Ular dunyo miqyosida 150-180 mln atrofidagi auditoriyani qamrab oldi.
Bundan tashqari, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini saylovga keng jalb qilish maqsadida vatandoshlar va diasporal tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlari orqali 1 300 dan ortiq saylovga oid ma’lumotlar tarqatildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hamda “Dunyo” axborot agentligi veb-saytlarida “Saylov – 2024” sahifasi ochilib, iyul-oktyabr oylari ushbu sahifada 600 dan ortiq saylovga oid materiallar (maqolalar, munosabatlar va intervyular) joylashtirildi.
120 dan ortiq yetakchi xorijiy ekspertlarning munosabatlari mahalliy telekanallar, bosma va elektron nashrlarda keng yoritildi.
Hurmatli brifing ishtirokchilari,
6. Hozirgi vaqtda 40 ta xorijiy davlatdagi yurtimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida tashkil etilgan 57 ta saylov uchastkalarida saylov jarayonini o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Saylov kampaniyasi davrida ushbu tadbirga puxta hozirlik ko‘rildi. Parlament saylovini o‘tkazish uchun tashkil etilgan saylov uchastkalari saylovchilar o‘z xohish irodalarini emin-erkin bildirishi, konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘laqonli foydalanishlari uchun shay holatga keltirildi.
Xorijdagi saylov jarayonlarining dastlabkisi 27-oktabr kuni yurtimizning Yaponiya va Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da boshlanib, so‘nggisi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalarda 28-oktabr soat 05:00 da yakunlanadi.
Hozirgi vaqtga kelib, dunyoning aksariyat davlatlarida, jumladan, O‘rta va Yaqin Sharq, Osiyo va Okeaniya, Yevropa davlatlari, Rossiya va barcha qo‘shni mamlakatlarda ovoz berish jarayonlari boshlangan va qizg‘in davom emoqda.
Fuqarolarimiz ushbu muhim siyosiy tadbirda faol qatnashmoqdalar.
E’tiboringiz uchun rahmat.