Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Kuvaytga tashrif buyurdi
12-14 avgust kunlari tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Kuvayt shahrida bo‘ldi. Tashrif davomida qator ikki tomonlama muzokaralar, yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va O‘zbekiston-Kuvayt biznes forumi hamda yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Yurtimiz delegatsiyasini Kuvayt xalqaro aeroportida mazkur davlat tashqi ishlar vaziri Abdulla Ali Al-Yahyo kutib oldi. Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rtasida kechgan alohida muzokaralar chog‘ida iqtisodiy aloqalarni rag‘batlantirish, mintaqalarimiz o‘rtasidagi bog‘liklikni kengaytirish, muntazam almashinuvlarni faollashtirish, o‘zaro shartnomaviy-huquqiy asosni kuchaytirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Uchrashuv yakunida ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash institutlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.
Tashrif davomida TIV rahbari Kuvayt Valiahdi Saboh al-Xolid as-Sabohga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iliq salomlarini va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Kuvayt Davlati moliya vaziri, Iqtisodiy ishlar va investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri doktor Anvar Ali al-Mudaf, Kuvayt investitsiyalar agentligi ijrochi direktori G‘onim Sulaymon al-G‘animan, Kuvayt Arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi bosh direktori Valid al-Bahar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida iqtisodiy yo‘nalishdagi qator hamkorlik masalalari va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.
Kuvayt Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda O‘zbekiston-Kuvayt biznes-forumi ham o‘tkazildi. Unda ikki davlatdan 200 dan ortiq vakillar qatnashdi. Tadbir ochilish marosimidagi nutqida vazir “keng iqtisodiy islohotlar natijasida yaratilayotgan istiqbolli imkoniyatlarni o‘rganish uchun xorijiy kompaniyalarga O‘zbekiston eshiklari keng ochiq, biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi har qanday o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyormiz”, deb taʼkidladi. Mazkur forum doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga katta qiziqish bildirildi.
Bundan tashqari, delegatsiya vakillari tashrif davomida qator kompaniya rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazib, Kuvaytlik hamkorlar bilan qator yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli loyihalarni hayotga tatbiq, savdo hajmini oshirish, investitsiyalar ko‘lamini kengaytirishga kelishib oldi.