ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig’ilishini yoritish uchun OAV vakillarini akkreditatsiyadan o’tkazish jarayoni boshlangani to’g’risida
O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2022-yil 28-29-iyul kunlari Toshkent shahrida bo’lib o’tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig’ilishini yoritish uchun ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o’tkazish 2022-yil 30-maydan boshlanganini ma’lum qiladi.
Mazkur tadbirning yoritilishida ishtirok etishni istagan OAV vakillari O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari zarur:
1) OAV rahbariyati tomonidan o’z muxbirini akkreditatsiya qilish yuzasidan O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri nomiga xat;
2) OAV haqida ma’lumot;
3) akkreditatsiya qilinadigan shaxsning tarjimayi holi va pasporti nusxasi;
4) akkreditatsiya qilinadigan shaxsning 700x700 dpi formatida fotosurati (yuqori aniqlikda, qat’iy to‘g‘riga qaragan holda, oq fonda);
5) to’ldirilgan anketa.
OAV vakillaridan arizalar 2022-yil 1-iyul soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar O’zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik yoki konsullik muassasalari orqali yoki bevosita O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga sco-pess@mfa.uz maxsus elektron pochtasi vositasida qabul qilinadi.
Belgilangan muddatdan keyin yuborilgan murojaatlar, shuningdek, zarur ma’lumotlar ilova qilingaman yoki to’ldirilgan anketasiz jo’natilgan arizalar ko’rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Shu bilan birga, ShHT TIVK yig’ilishini yoritishda ishtrok etish uchun xorijiy OAVning topshirgan arizalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ularning akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomasiz O‘zbekistonga tashrif buyurish va professional faoliyati bilan shug‘ullanish uchun asos bo‘la olmaydi.