Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi
2025-yilda Samarqand shahri YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilishi to‘g‘risida xabardor qilgan edik. Shuni aytish joizki, ushbu yirik anjuman so‘nggi qirq yil ichida birinchi marta tuzilmaning Parijdagi bosh-qarorgohidan tashqarida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2024-yil 14-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va YUNESKO rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, YUNESKO Kotibiyatining tegishli bo‘limlari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda YUNESKO bosh boshqaruv organining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishiga tayyorgarlikning borishi yuzasidan fikr almashildi. Muzokaralar natijasida sessiyani yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha sohalarda hamkorlikda ishlash va yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.