Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro tadbirlar toʻgʻrisida
Yaqin kunlarda Samarqand shahri yana bir bor qator yirik xalqaro tadbirlar oʻtkaziladigan maskanga aylanadi.
Xususan, 2023-yil 13-aprel kuni bu yerda Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Afgʻonistondagi mavjud vaziyatni koʻrib chiqadilar.
2023-yil 14-aprel kuni esa Samarqandda Oʻzbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiz Respublikasi va Qozogʻiston delegatsiyalari hamda MDH Ijroiya qoʻmitasi ishtirokida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Unda xalqaro kun tartibi va MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish, qoʻshma dasturlar ijrosi hamda MDH Davlat rahbarlari kengashiga koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan hujjatlar loyihalari muhokamasi koʻzda tutilgan.
Shu kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi boʻlib oʻtadi.
***
Ushbu tadbirlarni yoritishga qiziqqan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari 2023-yilning 10-apreliga qadar akkreditatsiya hujjatlari toʻplamini (akkreditatsiyadan oʻtadigan shaxslarning pasportlari nusxalari va tarjimayi hollari, ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar) ilova qilgan holda press@mfa.uz elektron pochtasiga ariza yuborishlari zarur.
Qoʻshimcha savollar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasiga murojaat (+99871 236 29 83, +99871 232 05 41) qilishingiz mumkin.