Ruminiya va Shveysariya elchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

 

2024-yil 5-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Ruminiya va Shveysariya Konfederatsiyasining Favqulodda va Muxtor Elchilari Daniel Kristian Chobanu va Konstantin Obolenskiy bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlar chog‘ida turli daraja va yo‘nalishlarda O‘zbekiston-Ruminiya va O‘zbekiston-Shveysariya aloqalarini faollashtirish, ikki tomonlama munosabatlarni amaliy mazmun bilan to‘ldirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Tashqi siyosat idoralari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam ravishda tashkil etishdan tomonlar birdek manfaatdor ekanligi bildirildi. Maslahatlashuvlar oʻzaro hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash imkonini berishi qayd etildi.

Parlamentlararo muloqotni faollashtirish, ilm-fan va ta’lim muassasalari o‘rtasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turli sohalarda istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvlarda joriy yilda o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий