Qozog‘iston Prezidenti Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralarini ziyorat qildi
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 22 dekabr kuni poytaxtimizdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralarini ziyorat qildi.
Oliy martabali mehmonga ziyorat davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohlik qildi.
To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbarasi poytaxt aholisi va mehmonlari qadami uzilmaydigan ziyoratgohlardan biri sanaladi. Mustaqillik yillarida Shayx Xovandi Tohur majmuasidagi ko‘hna qabristonning shimolida joylashgan ushbu maqbara qayta ta’mirlandi. Hudud obodonlashtirilib, ziyoratchilarga qulayliklar yaratildi.
To‘labiy Alibiy o‘g‘li dafn etilgan bu maqbaraning har bir pishiq g‘ishtlari, qo‘sh qavat gumbazi tarixdan so‘zlaydi. Shayx Xovandi Tohur bobomizni umri davomida elni tinchlik va osoyishtalikka chorlagan inson bo‘lganini yaxshi bilamiz. Qozoq elining ardoqli farzandi To‘labiy Alibiy o‘g‘li (Qaldirg‘ochbiy) ham o‘z davrida xalqlarimiz hamjihatligi yo‘lida ko‘p ishlar qilgan. U hamisha odamlarni birdamlik va odillikka chorlagan.
Xalqlarimiz bular kabi ajdodlarimizning ezgu amallarini hech qachon unutmagan, ularni hamisha hurmat bilan yodga olgan. bugungi kunda ikki xalq birdamligi, o‘zaro hakmorligi yo‘lida qilinayotgan katta isohatlar uzoq tarix ildizlariga, qadimiy do‘stlik rishtalari suv ichgan buloqlarga borib tutashishi tilga olindi.