Qohirada O‘zbekiston va Misr o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

 

2022-yil 25-may kuni Qohira strategik tadqiqotlar markazida O‘zbekiston va Misr diplomatik aloqalari o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar hamda “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Misrdagi eng nufuzli markazlardan birida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston do‘stlik jamiyati a’zolari, mazkur mamlakatdagi siyosiy, ilmiy-akademik, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy seminar avvalida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidikov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Jumladan, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida tatbiq etilgan loyihalar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilda keng jamoatchilik va fuqarolik institutlari bilan birgalikda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilganiga e’tibor qaratildi.

Taraqqiyot strategiyasida bugungi global jarayonlardan kelib chiqqan holda inson qadrini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirishga doir yettita ustuvor yo‘nalish belgilab berilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ayni paytda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar respublika taraqqiyotida yangi bosqich – Yangi O‘zbekiston davrini boshlab bergani alohida ta’kidlandi. Respublika rahbari tomonidan xorijiy davlatlar bilan ochiq va do‘stona aloqalar o‘rnatilgani, Markaziy Osiyo mintaqasi esa tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi etib belgilanganiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir moderatori Qohira strategik tadqiqotlar markazi direktori A.Muslimani so‘nggi besh yilda Yangi O‘zbekiston barpo etilgani, ichki va tashqi siyosatda ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, Toshkent va Qohira ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun katta imkoniyatlarga ega. Hozirda turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish uchun tarixiy-madaniy shart-sharoitlar mavjud. Xususan, 60 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar imzolangan bo‘lib, shartnomaviy-huquqiy baza o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish imkonini beradi.

Qohira universiteti fakulteti dekani, mamlakatimizning “Do‘stlik” ordeni sohibi professor Ahmad Rajab Rizq Misr va O‘zbekiston xalqlarini ming yillik davr bog‘lab turishini qayd etdi. Olimning so‘zlariga ko‘ra, Al-Farg‘oniy tomonidan Qohirada bunyod etilgan nilometr qurilmasi, O‘zbakiya mahallasi, Misrdagi Tuluniylar, Mamluklar, Ayubiylar saltanati va boshqa ko‘plab misollar do‘stona aloqalarimizning uzoq tarixga borib taqalishini tasdiqlaydi.

Misr parlamenti senatori, “ash-Shuruq” gazetasi bosh muharriri Imoduddin Husayn o‘tgan 30 yil davomida Misr va O‘zbekiston hamkorligida ko‘plab ijobiy ishlar tatbiq etilganini qayd etar ekan, hali foydalanilmagan salohiyat ikki xalq do‘stlik aloqalarini yanada kengaytirishga mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий