Qirgʻiziston Elchisi bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yilning 28-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov Qirgʻiziston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Musa Jamanboyev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligini yanada rivojlantirish, oliy darajada avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va boʻlajak uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi muloqotlarni davom ettirish, ikki mamlakat oʻrtasida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikning savdo-iqtisodiy yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, investitsiya loyihalarini roʻybga chiqarish, tadbirkorlik subyektlari va ikki mamlakat hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirishga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrish muhimligi qayd etildi.
Tomonlar turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb jihatlariga ham toʻxtalib, xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qildilar.