Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi nutqi

 

Hurmatli xonimlar va janoblar! Muhtaram mehmonlar!

Avvalo, Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi yig‘ilishining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlayman.

bugungi anjumanimizda jahonning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bo‘lgan siz, qadrli do‘stlarimiz va hamkorlarimizni ko‘rib turganimdan g‘oyat mamnunman.

Katta ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu yig‘ilishni tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti hurmatli Odil Reno-Basso xonimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

 

Aziz do‘stlar!

bugungi kunda jahonda jiddiy global o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Dunyo hamjamiyati pandemiyadan xalos bo‘lishga ulgurmay, yangi qiyinchilik va sinovlarga duch kelmoqda. Turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar tobora kuchayib bormoqda.

Chindan ham, bunday og‘ir va murakkab sharoitda o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan yaqin hamkorlikning ahamiyati har tomonlama ortib bormoqda.

Aynan shu sababli Xorijiy investorlar kengashining bugungi yig‘ilishi alohida muhim ahamiyatga ega, desak, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Sizlarga yaxshi ma’lumki, biz so‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Milliy iqtisodiyotning ochiqligini ta’minlash va uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni islohotlarning asosiy yo‘nalishi etib belgiladik.

Shu maqsadda valyuta bozorini erkinlashtirdik, xususiy investorlarga energetika, geologiya-qidiruv, kimyo va neft kimyosi, tibbiyot va ta’lim kabi sohalarda faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirdik.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi.

Bu boradagi ishlarni tizimli muvofiqlashtirib borish uchun alohida agentlik tashkil etildi.

Zamonaviy iqtisodiyot drayveri bo‘lgan xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inqilobiy qarorlar qabul qildik. Bu sohada ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qildik.

Soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga qisqardi, ayrim soliq stavkalari 2 barobarga tushirildi. Kelgusi yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga kamaytiriladi.

Biz milliy iqtisodiyotimiz rivoji uchun xorijiy investitsiyalar qanchalik zarur ekanini juda yaxshi tushunamiz.

Shu bois investorlarning huquqiy maqomini aniq belgilash va ularning manfaatlarini himoya qilish uchun investitsiyalar to‘g‘risida alohida qonun qabul qildik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida biznes–ombudsman instituti joriy etildi.

Ana shunday chora-tadbirlar global miqyosdagi beqarorlik va inqirozlar sharoitida ham milliy iqtisodiyotimiz o‘sishini ta’minlashga yordam berdi.

Xususan, pandemiya avj olgan davrda, tashqi bozorlardagi og‘ir vaziyatga qaramasdan, iqtisodiy o‘sishning ijobiy dinamikasini saqlab qoldik.

O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 7 foizdan oshdi. Joriy yilda ham iqtisodiyotimiz o‘sishda davom etayapti.

Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab, biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan barcha biznes vakillariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

 

Hurmatli investorlar!

Qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida so‘nggi 5 yilda iqtisodiyotimizga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi.

Biz 10 yil ichida yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgidan ikki barobarga oshirishni maqsad qilganmiz. Bunga erishish uchun bizda xohish-iroda ham, imkoniyat ham yetarli.

O‘z oldimizga qo‘ygan bunday yuksak marralar uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilishni hisob-kitob qilganmiz.

Ushbu investitsiyalarni, eng avvalo, sanoat sohalarini modernizatsiya va transformatsiya qilish, ishlab chiqarish, kommunal va transport infratuzilmasini jadal rivojlantirishga yo‘naltirish uchun aniq loyihalar va dasturlarimiz bor.

Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi davlat qaramog‘idagi an’anaviy sohalarga ham xususiy investitsiyalar jalb qilish kun tartibimizda turadi.

Biz xorijiy investorlarni o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va birgalikda amalga oshirishga chaqiramiz.

Sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, Yangi O‘zbekistonda investorlar o‘zini erkin his qilishi, ertangi kunga katta ishonch bilan barqaror ishlashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz.

Aynan shuning uchun bizga yaqin do‘st, xayrixoh bo‘lgan eng ishonchli investorlar ishtirokida yangi Kengashni tashkil etmoqdamiz.

Sizlar bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli investitsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishimizga aminman.

 

Qadrli do‘stlar!

Sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, biz yurtimizda ochiq, jadal rivojlanayotgan zamonaviy davlat qurish maqsadida boshlangan islohotlar yo‘lidan ortga qaytmaymiz.

Ishonchim komil, sizlarning har biringizda aniq va konstruktiv takliflar bor.

Sizlarning ko‘magingiz bilan biz Kengash doirasida rivojlantirmoqchi bo‘lgan bir qator sohalarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchidan, biz qonun ustuvorligini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bosh tamoyillaridan biri etib belgiladik.

Keyingi yillarda yurtimizda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish borasida misli ko‘rilmagan choralar hayotga joriy etildi.

Bundan buyon fuqaro va tadbirkorlarga mulk huquqini so‘zsiz ta’minlash va himoya qilish shaffof va adolatli sud-huquq tizimi tomonidan kafolatlanadi.

Biz kuni kecha sud sohasiga bag‘ishlangan majlisda bu borada islohotlarning navbatdagi bosqichidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldik.

O‘zbekistonda ilg‘or xorijiy amaliyot va tajribani joriy etish maqsadida Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil qilishni taklif etaman.

Ikkinchidan, biz bank-moliya sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish niyatidamiz.

Gap mazkur sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xorijiy banklarni O‘zbekistonga faol jalb etish, samarali fond bozorini shakllantirish haqida bormoqda.

Bu zalda bank sohasiga investitsiya kiritgan xorijiy hamkorlarimizni ko‘rish bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Biz xorijiy sarmoyadorlarning bank-moliya sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tashabbuslari uchun ochiqmiz.

Uchinchidan, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni yanada chuqurlashtirish asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lib qoladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 1 ming 200 ta davlat korxonalari xususiylashtirildi. Kelgusi yilning o‘zida yana mingga yaqin korxona va ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirishni rejalashtirganmiz.

Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga faol tatbiq etmoqdamiz.

Qisqa muddatda mazkur yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishdik.

Birgina energetika sohasida O‘zbekiston ushbu mexanizmlardan foydalangan holda 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ni jalb etdi.

Bu loyihalarga sarmoya tikib borayotgan hamkorlarimizni ham bugun tadbirda ko‘rib turganimdan mamnunman.

Kengash a’zolarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik dasturlarida faol ishtirok etishga taklif qilamiz.

To‘rtinchidan, O‘zbekistonning boy tabiiy resurslarini o‘zlashtirishda katta imkoniyatlar mavjud.

Xabaringiz bor, mamlakatimiz oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda 2-o‘rin, mis bo‘yicha 7-o‘rin, volfram bo‘yicha 8-o‘rin, kumush bo‘yicha 9-o‘rin, uran bo‘yicha 12-o‘rinni egallaydi.

Foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish sohasiga yirik investitsiyalarni jalb etish maqsadida geologik ma’lumotlarni ochiq e’lon qildik.

O‘ndan ortiq turdagi strategik foydali qazilmalarni o‘zlashtirish uchun soliq stavkalarini pasaytirdik, yer solig‘ini bekor qildik, maxsus texnikalarni bojxona to‘lovlaridan ozod etdik.

Biz xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha aniq loyihalarni tayyorladik.

Birgina misol. O‘zbekistonda yiliga 150 ming tonna mis qazib olinadi va uning atigi 70 ming tonnasi qayta ishlanadi.

Yaqin yillarda mis ishlab chiqarish hajmini 500 ming tonnaga yetkazamiz.

Shu munosabat bilan mis klasterini barpo etishga kirishdik.

Uning hududida mis folgasi, elektrodvigatellar, quyosh panellari, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshira boshladik.

Bundan tashqari, elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘iga asos solish niyatidamiz.

Siz, hurmatli investorlarni ushbu yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik qilishga da’vat etamiz.

Beshinchidan, O‘zbekistonda raqamlashtirish sohasiga investitsiyalarni jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biz “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qabul qildik.

Ushbu hujjatda barcha muhim sohalarni raqamlashtirish nazarda tutilgan.

Biz mamlakatimiz hududlarida IT-parklarni tashkil etmoqdamiz.

Bunday parklar rezidentlari barcha soliqlardan va yig‘imlardan ozod qilingan.

Xorijiy investorlar va texnologiyalarning faol ishtirokisiz ushbu sohani rivojlantirish mumkin emasligini yaxshi tushunamiz.

Shu sababli Kengash a’zolari bilan mazkur yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda samarali hamkorlikka umid qilamiz.

Oltinchidan, O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish jarayonida faol qatnashmoqda.

Qabul qilingan Strategiyamizga muvofiq, 2026 yilga borib muqobil manbalardan olinadigan energiyaning umumiy generatsiyadagi ulushini 25 foizga yetkazamiz.

Shu bilan birga, ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishni mo‘ljallamoqdamiz.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Jahon banki bilan birga 2050 yilgacha milliy iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqishga kirishdik.

“Yashil” loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni davom ettirishdan manfaatdormiz va ularda Kengash a’zolarining ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

 

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Afsuski, ajratilgan vaqt hamkorlikning barcha istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish imkonini bermaydi.

Shuning uchun xorijiy investorlar bilan ishlashni quyidagi tartibda tashkil etish zarur, deb hisoblayman.

Qayd etilgan har bir ustuvor yo‘nalishni amalga oshirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi.

Ushbu ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritadi hamda chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Xususan, investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi.

Yangi ishchi guruhning faoliyatini Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov muvofiqlashtirib boradi.

U boshqa barcha masalalardan ozod qilinib, bor e’tiborini faqat investorlar bilan ishlashga qaratadi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Xodjayev, J.Qo‘chqorov, J.Mirzamaxmudov o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha kelib tushadigan murojaatlarni ijobiy hal etishni ta’minlaydi.

Ishchi guruh Kengash kotibiyati bilan, xorijiy investorlar takliflari asosida, aniq loyihalar, ularni amalga oshirish uchun qonunchilikni takomillashtirish, muddatlar va mas’ul ijrochilar belgilangan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi lozim.

***

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Birinchi navbatda, bildirgan qimmatli g‘oya va takliflaringiz uchun barchangizga o‘zimning chuqur tashakkurimni izhor qilmoqchiman.

O‘zbekiston bilan konstruktiv va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish borasidagi e’tiboringiz va qat’iy niyatlaringizni yuksak qadrlayman.

Takror aytaman: O‘zbekistonda biznesingiz muvaffaqiyatli bo‘lishi, mamlakatimizda o‘zingizni ishonchli, erkin va qulay his etishingiz uchun barcha choralarni ko‘ramiz.

Sizlar bergan takliflar alohida “yo‘l xaritalari”ga kiritiladi.

Yana bir bor hurmatli Odil Reno-Basso xonimga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi barcha islohot va o‘zgarishlarni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgani hamda qo‘shma dastur va tashabbuslarni samarali amalga oshirayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu faoliyatingizga ulkan yutuqlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий