Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi
Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan boshlangan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar kuchli Turkmanistonni barpo etish uchun mustahkam poydevor bo‘lganini alohida qayd etdi.
- Bugun qardosh Turkmaniston milliy birlikni va tarixiy-madaniy an’analarni saqlash asosida jadal rivojlanmoqda. Bu butun dunyoda o‘zining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Gurbanguli Berdimuhamedov birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga hamda ularni chuqur strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga shaxsan hissa qo‘shgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalari o‘zaro hal bo‘lmagan masalalardan xoli davlatlararo sheriklikning haqiqiy namunasi ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik masalalarining keng doirasi muhokama qilindi.
Parlamentlarimiz o‘rtasidagi muloqot xalqlarimizning yanada yaqinlashishida eng muhim omil ekani ta’kidlandi.
- Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilishini monitoring qilish uchun parlamentlararo hamkorlik salohiyatidan bundan buyon ham samarali foydalanishimiz lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov qardosh xalqlarimizga tinchlik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.