Pokistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi
2024-yil 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Asif Durroniy bilan uchrashdi.
Afg‘onistondagi joriy vaziyat, xalqaro hamjamiyat hamda ikki davlatning Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan transport-kommunikatsiya loyihalari, xususan, Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘l liniyasi qurilishi muhokama qilindi. Pokiston tomoni ushbu loyiha mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirishda muhim ahamiyatga egaligi ta’kidladi.
Tomonlar Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etish, shuningdek, mamlakat tinch taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni ishlab chiqishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirdilar.