Pokiston Elchisi Sayid Ali Asad Gʻiloniy Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda

 

2023-yil 2-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov mamlakatimizda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Pokiston Islom Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Sayid Ali Asad Gʻiloniyni qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida oliy hamda yuqori darajadagi tadbirlar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Elchi Baxtiyor Saidovga Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan Pokiston boʻyicha xalqaro konferensiyada ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishining samarali natijalarini qayd etdi.

Taʼkidlanganidek, Pokiston bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻlib, bu soha soʻnggi yillarda sezilarli darajada faollashmoqda. Jumladan, 2022-yilda tovar ayirboshlash hajmi 131 foizga oshdi, qoʻshma korxonalar soni 200 taga yetdi.

Oʻzbekiston TIV rahbari Elchining mamlakatimizdagi uch yillik faoliyati muvaffaqiyatli yakunlanganini qayd etib, davlatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Sayid Ali Asad Gʻiloniy, oʻz navbatida, Pokistonning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatida har tomonlama yordam koʻrsatilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий