“Oʻzbekiston yosh diplomatlari klubi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

 2022-yilning 25-noyabr kuni Tashqi ishlar vazirligi muassisligida tashkil etilgan “Oʻzbekiston Yosh diplomatlari klubi”ning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi raisi oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov, Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Baxtiyor Ibragimov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratboy Sharipov, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari hamda Klub aʼzoligiga qabul qilingan 50 nafar talaba-yoshlar qatnashdi.

Tashqi ishlar vaziri V.Norov oʻz tabrik nutqida Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan bilimli va iqtidorli yosh kadrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatga muvofiq, yosh diplomat-kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda oʻzbek diplomatiyasi anʼanalarining davomiyligini saqlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi muassisligida Nodavlat notijorat tashkilot sifatida “Oʻzbekiston yosh diplomatlari klubi” tashkil etilganligi haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Ushbu Klubning ustuvor vazifalari sifatida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalar va yosh diplomatlarning kasbiy mahoratini hamda malakasini oshirish, ularning oʻz salohiyati va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish belgilangan.

Yurtimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti rahbarlari va vazirlik xodimlari tomonidan birgalikda olib borilgan ikki bosqichdan iborat sinov yakunlariga koʻra, mazkur oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan 200 dan ortiq talabgorlar orasidan 50 nafar oʻzini har tomonlama boʻlajak diplomat sifatida namoyon eta olgan iqtidorli talabalar Klub aʼzoligiga tavsiya etildi.

Tadbir davomida “Oʻzbekiston yosh diplomatlar klubi” raisi A.Gʻiyosov tuzilma faoliyati bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirib oʻtdi. Tadbirning tantanali ochilish marosimida klub ishtirokchilari bilan umumiy suratga tushish marosimi tashkil etildi.

Tadbir yakunida talaba-yoshlar tomonidan uyushtirilgan koʻrgazma hamda ijodiy chiqishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий