Oʻzbekiston va Yaponiya atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik memorandumini imzoladi

 

2022-yil 23-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Yaponiya atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Akixiro Nishimura oʻrtasidagi uchrashuvda ekologiya sohasidagi Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarini yanada faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Yaponiya parlamentining Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi aʼzosi A.Nishimura mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijalaridan hayratda ekanini maʼlum qildi.

Tomonlar shu yilning oktabr oyida Toshkent shahrida Oʻzbekistonda yashil texnologiyalarni joriy etish va dekarbonizatsiyalash jarayonini jadallashtirish maqsadida Yaponiya investitsiyasini jalb etishni nazarda tutuvchi “Qoʻshma kreditlash mexanizmi” boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolanganini olqishladilar.

Yaponiya Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etishda, jumladan, Orolboʻyi hududida inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondi faoliyatida ishtirok etish orqali Oʻzbekistonga koʻmak berishda davom etishga tayyor.

****

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Yaponiya atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi oʻrtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Yaponiya Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Akixiro Nishimura imzolagan hujjat milliy, mintaqaviy va global miqyosdagi ekologik muammolarni hal etish va ularga javob berish boʻyicha ikki mamlakat atrof-muhit agentliklari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий