O‘zbekiston va Vetnam TIV rahbarlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi
2024-yilning 22-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Vetnam tashqi ishlar vaziri Buy Txan Shon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Baxtiyor Saidov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi Nguyen Fu Chongning vafoti munosabati bilan yana bir bor chuqur hamdardlik izhor qildi.
Ikki tomonlama aloqalarni boyitish, jadal hamkorlikni rivojlantirish, barcha sohalarda yangi bog‘lovchi ko‘priklarni barpo etish uchun mamlakatlarimiz foydalanishi mumkin bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Bo‘lajak yuqori darajadagi almashinuvlar, iqtisodiy va investitsion aloqalarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Vetnam tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin hamkorlik yuksak qadrlanishi ta’kidlandi.