O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar

 

15-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq o‘zaro aloqalar va sermahsul almashinuvlar yuqori sur’atda davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma investitsiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda. O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘smoqda, transport va logistika sohalarida kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda. Birgalikdagi gumanitar dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Ikki mamlakat yetakchilari mintaqaviy masalalarga to‘xtalar ekanlar, avgust oyining boshida Toshkent shahrida O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan g‘oyatda mamnun ekanlarini ta’kidladilar. Ushbu formatdagi amaliy hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari shu kunlarda Turkiyaning Konya shahrida o‘tayotgan va o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan beshinchi Islom birdamligi o‘yinlari yuksak darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий