O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari Samarqandda uchrashuv o‘tkazdilar

 

16-sentabr kuni SHHTning Samarqand sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Redjep Tayyip Erdog‘an O‘zbekiston rahbarini SHHT sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklab, faxriy mehmon sifatida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda yetakchilar o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zaro munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani asnosida siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Tomonlar joriy yil 29-30-mart kunlari Toshkentda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o‘zaro muloqotlar salmoqli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 60 foizdan oshdi.

Qo‘shma korxonalar soni 2 mingdan ortdi. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida yarim milliard AQSH dollariga yaqin investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Turkiya kompaniyalari O‘zbekistondagi davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishga katta qiziqish bildirmoqda.

Qishloq xo‘jaligi, transport, elektrotexnika, to‘qimachilik va charm sanoati, innovatsiyalar, yuksak texnologiyalar, turizm va madaniyat sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Istiqbolli yo‘nalish sifatida energetika tarmog‘i alohida qayd etildi. Keyingi yillarda tomonlar qariyb 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Uchrashuvda bo‘lajak tadbirlar, shu jumladan Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining rejasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining uchrashuvi har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий