O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda
2024-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nuh Yilmazni qabul qildi.
Tomonlar jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining dolzarb masalalari, qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning borishi, siyosiy muloqotni faollashtirish istiqbollari, savdo va investitsiyaviy aloqalar, madaniy-gumanitar va turistik almashinuvlarni muhokama qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Siyosiy maslahatlashuvlarga ikki mamlakat tashqi ishlar vazir o‘rinbosarlari raislik qilishdi.
2024-yil iyun oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining 3-yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.
Barcha sohalarda rivojlanayotgan aloqalarni hisobga olgan holda munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Ko‘p tomonlama tuzilmalar, birinchi navbatda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.