O‘zbekiston va Singapur tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi

 

2024-yilning 19-20-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining Singapurga tashrifi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 3-davrasi bo‘lib o‘tdi hamda Sanoat va savdo vazirligi, Singapur Biznes federatsiyasi, Indorama Corporation” va “Wilmar International” kompaniyalarida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov va Singapur Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kevin Chok boshchilik qildi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Singapur hamkorligining holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 2023-yilning yanvar oyida Singapurga va may oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Singapur tomoni O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va qonunchilik sohasini takomillashtirish, milliy iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash uchun mavjud salmoqli salohiyatni ro‘yobga chiqarishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani tasdiqlandi.

Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish umumiy kun tartibidagi barcha sohalardagi aloqalarni faollashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasida o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Savdo va sanoat vazirligi hamda Singapur Biznes federatsiyasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, jumladan, milliy mahsulotlar koʻrgazmalari, seminarlar va iqtisodiy salohiyat taqdimotlari tashkil etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий