O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish, xususan, O‘zbekiston va Rossiyaning hududlari va tadbirkorlari darajasidagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. 

Ta’kidlash joizki, joriy yilning yetti oyida tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Ayni paytda savdo ko‘rsatkichlarining o‘sishi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga ta’minlanmoqda.

Hududlar o‘rtasida faol va samarali almashinuvlar amalga oshirilmoqda, shu yilning kuzida uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Muhim investitsion loyihalar va madaniy-gumanitar dasturlar davom ettirilmoqda.

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari, eng avvalo, amaliy sheriklikni aniq, sifatli mazmun bilan boyitish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Shuningdek, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Davlat rahbarlari joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

O‘zbekiston Prezidenti va Rossiya Prezidentining telefon orqali muloqati har doimgidek konstruktiv, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий