O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari samarali muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar.
O‘zbekiston rahbari birgalikdagi tizimli va amaliy sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini ittifoqchilik munosabatlaridek eng yuqori bosqichga olib chiqishga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
- Biz ko‘p qirrali munosabatlarimizda yangi sahifa ochdik - Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdik. Ushbu format davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasining ifodasi bo‘lib, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning yaqin aloqalari, ularning barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini yaqqol namoyon etadi.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlarning ikki palatasi ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Hamkorlikning yana bir yangi shakli - Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Qo‘shma bayonot imzolandi hamda har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilindi.
Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar ikki mamlakatning barcha viloyatlarini jalb qilgan holda Hududlararo hamkorlik forumini Hududlar rahbarlari kengashiga aylantirish tashabbusini ilgari surdilar.
Kuni kecha o‘tgan biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlarida umumiy qiymati 7 milliard dollarlik shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oy yakuniga qadar tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirishga qaratilgan kompleks dastur qabul qilinadi. Tomonlar, shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini tezlashtirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston-Qozog‘iston investitsiya fondini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Muzokaralar kun tartibidan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhim o‘rin egalladi. Yuk tashish hajmini oshirish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni yaratish, avtomobil va temir yo‘llarni qurish va modernizatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yana bir strategik yo‘nalish - oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Ikki mamlakat hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Madaniyat, yoshlar, turizm, fan, ta’lim va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif arafasida va doirasida Qozog‘iston poytaxtida O‘zbek kinosi kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, festivallar, intellektual o‘yinlar va boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Tomonlar kelgusi yilda o‘zaro madaniyat kunlari, qo‘shma kinofestivallar, ikki mamlakat san’at ustalarining konsertlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tashrif davomida O‘zbekiston va Qozog‘istondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari Prezident Qasim-Jomart Toqayevga va u orqali butun qardosh Qozog‘iston xalqiga Ostona markazida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro platformalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, "Markaziy Osiyo plyus" formatlari doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradilar.
Ertaga Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi iqtisodiy integratsiya va butun mintaqaning jadal rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.