O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan 1-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari va yirik kooperatsiya loyihalarining borishi muhokama qilindi.
Suhbat avvalida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev joriy yil 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan dildan qutladi.
Davlatimiz rahbari, o‘z navbatida, Qozog‘iston yetakchisi va qardosh xalqini davlat bayrami – Birdamlik kuni bilan samimiy tabrikladi.
Muloqot chog‘ida davlat rahbarlarining qarorlarini o‘z navbatida amalga oshirish, eng avvalo, ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiya dasturlarini tayyorlash va bajarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu munosabat bilan hukumatlarga shu hafta Toshkent shahrida o‘tadigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi davomida qo‘shma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.