O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdilar
Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.
- Saylovdan keyingi birinchi tashrifimni aynan Ozarbayjonga amalga oshirayotganim ramziy ma’noga ega. Bu ikki tomonlama hamorligimiz eng yuksak darajaga chiqqani, yaqinlashishga o‘zaro intilish borligi, sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doim qo‘llab-quvvatlab kelgani va bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi Qorabog‘da tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining ko‘lami i sur’atini yuqori baholadi.
Bugun bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ularda ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari muhokama qilindi.
- O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida hech qanday muammoli masalalar yo‘qligini ta’kidlash joiz. Biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida katta salohiyatdan samarali foydalanishning yangi imkoniyatlari va mexanizmlarini izlash dolzarb ekaniga urg‘u berdik, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston va Ozarbayjonning Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida ko‘p qirrali sheriklikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Davlat rahbarlari savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor berdilar. Avtomobilsozlik, metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, turizm va boshqa tarmoqlardagi yirik loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yangi logistika zanjirlarini rivojlantirish va infratuzilmani barpo etish, yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha loyihalarni amadga oshirishga kelishib olindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning yana bir drayveri sifatida ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlari maksimal darajada ishga solinadi. Hokimlar va ma’muriyatlar rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalari va gumanitar almashinuvni ilgari surish uchun joylarda muntazam uchrashadilar.
Muzokaralarda madaniyat sohasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Ushbu tadbirlar doirasida Bokuda o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk vakili Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tiliga tarjima qilingan “O‘tkan kunlar” romani taqdimot qilindi.
Madaniyat va kino kunlari, ijod va ilm-fan arboblarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazib boriladigan bo‘ldi. Joriy yilda O‘zbekistonda birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon yoshlar forumi tashkil etiladi.
Yetakchilar Birlashgan Milliatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH, YEXHT, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa ko‘p tomonlama institutlar doirasida ham samarali muloqotni davom ettirishga ahdlashib oldilar.
- Bugungi muzokaralar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishimiz qat’iy ekanini yana bir bor namoyish etdi. Sa’y-harakatlarimiz aniq natijalarga qaratilgan, - dedi O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida.