O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirlari alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

 

2023-yilning 1-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan uchrashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, ikki va ko‘p tomonlama shakllarda siyosiy va diplomatik hamkorlikni faollashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralar chog‘ida Pak Chin Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosat sohasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi. Janubiy Koreya alohida strategik hamkor sifatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohot va o‘zgarishlar yo‘nalishini qat’iy va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi alohida ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mahalliy mahsulotlarni Janubiy Koreya bozoriga yetkazib berishni kengaytirish, transport infratuzilmasi, logistika, “yashil iqtisodiyot” va boshqa sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga Janubiy Koreya sarmoyasi va yuqori texnologiyalarini jalb etish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Muloqotda sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida yangi yirik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tashqi ishlar vazirlari iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo hadli bitimni imzoladilar. Janubiy Koreya delegatsiyasining tashrifi chogʻida elektron parlamentni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻrmon xoʻjaligi, oʻsimliklar karantini va himoyasi sohalarida sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan idoralararo hujjatlar ham imzolandi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий