O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar

 

16-sentabr kuni Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni  Hindiston mustaqilligining 75 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish sur’atlari mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar hamkorlikni o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda yanada kengaytirish borasida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Yetakchilar o‘zaro savdo hajmi oshib borayotganini ko‘rsatib o‘tdilar. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 30 foizga o‘sdi. Keyingi olti yilda qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘paydi.

IT, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yaqin yillarda o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, fan va ta’lim sohalarida hamkorlik qilish dasturlarini, shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish bitimini tez fursatda qabul qilish va amalga oshirish zarurligi aytildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Hindiston bilan transport aloqalarini, shu jumladan “Chobahor” portidan foydalangan holda mustahkamlashdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda Hindistonning uchta universiteti ochildi.

Birinchi “Hindiston – Markaziy Osiyo” onlayn sammitining yakunlari yuksak baholandi, ushbu platforma doirasida qabul qilingan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish muhimligi qayd etildi. Hindiston tomoniga BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Narendra Modi O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini olqishladi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishga kelishib olindi.

Uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий