O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida

 

2023-yilning 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston va Germaniya tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 18-davrasi bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Luttenberg boshchilik qildi.

Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, siyosiy aloqalarni kengaytirish va ularni amaliy mazmun bilan to‘ldirish masalalari, turli darajadagi bo‘lajak muloqotlar jadvali atroflicha muhokama qilindi.

Iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish, jumladan, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga Germaniya sarmoyalari va texnologiyalarini jalb etish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Germaniyaga eksportini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Imzolangan ikki tomonlama hujjatlar inventarizatsiya qilindi, shartnomaviy-huquqiy bazaning joriy holati, shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilish jarayoni ko‘rib chiqildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston bilan Germaniyaning xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari orqali o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi. Xorijiy tomon “O‘zbekiston-Germaniya-Yevropa Ittifoqi” formatida, jumladan, Germaniya tashqi ishlar vazirligining “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi va YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim jihatlari ham ko‘rib chiqildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий