O‘zbekiston-Turkmaniston diplomatik munosabatlarining 30 yilligi nishonlandi
2023-yil 6-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tantanali konsert bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Hukumati a’zolari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari hamda turkman diasporasi vakillari, shuningdek, xorijiy davlatlarning Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik muassasalari va xalqaro tuzilmalarning vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Konsertning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yazguli Mammedov so‘zga chiqdilar.
Konsert dasturida o‘zbek va turkman qo‘shiqlari, ikki xalqning buyuk shoir va mutafakkirlari she’rlari, milliy raqslar yangradi.
O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stligiga bag‘ishlangan kitoblar, xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali tadbirlar ikki mamlakat xalqlarini birlashtirib kelayotgan ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik rishtalari daxlsizligining yana bir dalili bo‘ldi.